O'zb  
 

Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    May 2020   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
27 28 29 30 1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30 31
11.12.2011

Xalqimizning ulug qoshigi

10 dekabr — O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi qabul qilingan kun

...Vatanimiz qadimdan dunyo sivilizatsiyasi beshiklaridan biri bo‘lib kelgan. Ozod xalqimizning yuksak bunyodkorlik salohiyati, tarix sinovlaridan o‘tgan hayot falsafasi va konsepsiyasi O‘zbekiston farzandlari dunyoda hech kimdan kam emasligini, kam bo‘lmasligini bugun ham isbotlamoqda.

Har tong davlatimiz madhiyasi sadolari ostida yangi kunga peshvoz chiqar ekanmiz, qalbimizga ana shunday yorqin tuyg‘ular inadi. Uning har bir so‘zi, mardonavor ohangi bizga quvvat, ishonch va g‘urur baxsh etadi. Dunyoda qo‘shiqlar ko‘p, ammo xalqni yagona maqsad yo‘lida birlashtirishga qodir milliy madhiyada ana shunday beqiyos kuch bor.

Davlat ramzlari elning milliy qadriyatlariga mos, ezgu intilishlari va yorug‘ maqsadiga hamohang bo‘lsa, xalqni saodatga eltuvchi chinakam timsolga aylanadi, qalblardan chuqur joy egallaydi. Shu bois Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan mustaqillikning birinchi kunlaridan xalqimizning asrlar osha yashab kelayotgan ruhiy va ma’naviy qadriyatlarini ifodalovchi, ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot barpo etishga ruhlantiruvchi Bosh qo‘shiqni qabul qilishga asosiy e’tibor qaratildi. Maxsus kengash va tanlov asosida ko‘plab variantlar muhokama qilindi.

Deputatlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida yakuniy xulosaga kelindi va Prezidentimiz Islom Karimov 1992 yil 10 dekabrda «O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi. Shu kuni madhiyamiz qabul qilindi.

Mazkur qonunda belgilanganidek, madhiyamiz davlat suverenitetining ramzi hisoblanadi, unga katta ehtirom bilan qarash har bir yurtdoshimizning vatanparvarlik burchidir. 2010 yil 24 dekabrda mazkur qonunga kiritilgan o‘zgartishga ko‘ra, fuqarolarimiz, shuningdek, mamlakatimizda bo‘lib turgan boshqa shaxslar ham madhiyamizni hurmat qilishi shart.

Bugun Vatanimiz Bosh qo‘shig‘i har birimizning milliy g‘ururimizga, hayotimizning muhim bir bo‘lagiga aylandi, ongu qalbimizdan chuqur joy egalladi.

Milliy madhiyamiz sadolari davlatimiz rahbarining turli mamlakatlarga rasmiy tashriflari chog‘ida, O‘zbekistonga kelgan xorijiy mamlakatlarning davlat boshliqlarini kutib olish marosimlarida, yurtimizda o‘tayotgan umumxalq bayramlarida, yirik xalqaro anjumanlar, tinchlik va do‘stlik kelishuvlarida, sport musobaqalarida va sportchilarimizning xalqaro musobaqalarda eng baland shohsupaga ko‘tarilgan paytida baralla yangramoqda.

O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov she’ri, O‘zbekiston xalq artisti, atoqli kompozitor Mutal Burhonov musiqasi asosida yaratilgan madhiyamiz xalqimizning asriy orzulari, kelajakka yorug‘ umidi va mustahkam ishonchini teran ifodalagan.

Serquyosh — yurtimizdagi betakror iqlim va tanlangan taraqqiyotning yorug‘ yo‘li, hur — milliy mustaqillik va rivojlanish, haqsevar — Vatanimiz tabarrukligi va adolat tantanasi, olamni mahliyo aylaganlik — boy o‘tmish va go‘zallik, yuksak salohiyat va qudrat ifodalaridir.

Yurtimizning elga baxt va najot bo‘lishi — milliy hamjihatlikdagi taraqqiyotni, do‘stlarga yo‘ldosh va mehribonligi — xalqaro hamjamiyatga faol integratsiyalashuv jarayonida hamisha tinchlik va farovonlik tarafdori ekanini anglatadi.

Jahonda to abad ilmu fan, ijod yashnar ekan, Vatanimiz shuhrati ham mangu porlashi — ulug‘ ajdodlarimizdan meros buyuk intellektning avlodlar osha abadiy yashashi va amalda o‘zini namoyon etaverishidir. Madhiyamizda ajdodlarimiz — mardona ruh egasi, avlodlar — erkin va yosh qanot tarzida ta’riflangani ulug‘ xalq qudratining milliy negizini yanada oydinroq ifodalaydi.

Bag‘ri keng o‘zbekning o‘chmas iymoni — hayotimizni barhayot, umrzoq va bizni hamisha saodatga eltuvchi milliy mezonlar asosiga qurganimizni, mamlakatimizda e’tiqod erkinligi kafolatlanganini, o‘zimiz tanlagan erkin va farovon hayot barpo etish yo‘lidan hech qachon ortga qaytmasligimizni anglatadi. Bu yo‘lda istiqlol mash’ala va tinchlik posbonidir.

Bu so‘zlar sohir musiqa bilan birlashib yangraganda, o‘zini shu Vatanga va xalqqa mansub bilgan kishi borki, qalb-qalbidan cho‘ng bir tuyg‘uni sezadi, jarangdor ruh va ichki ohangdorlikdan quvvat olib, el-yurt ravnaqiga hissa qo‘shishga ahdlanadi.

Ha, xalqimizning Bosh qo‘shig‘i — madhiyamiz vujudimizga ona suti, ona allasi va ulug‘ ajdodlarimiz o‘giti bilan kirgan bemisl milliy qudrat, mustahkam irodani eslatib turadi. Bu mustaqilligimizni mustahkamlashga, bugungi erkin va farovon hayotimizning qadriga yetishga, uning yanada ziyoda bo‘lishi uchun muntazam kurashishga undaydi. Zotan, o‘z milliy timsollarini ulug‘lagan xalqning hamisha boshi mag‘rur, yo‘li oydin, kelajagi porloq bo‘ladi.

Umid YoQUBOV,

O‘zA sharhlovchisi.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

Songgi yangiliklar: